Videodan kadr
Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida oʻzi avtomobil boshqarib, Boysun-Denov yoʻnalishidagi yoʻllar sifatini tanqid qilgan edi. Mazkur yoʻllarni taʼmirlash ishlari boshlandi.
Loyiha doirasida rekonstruksiya qilinadigan avtomobil yoʻlining umumiy uzunligi 111 kilometr sement-beton qoplama boʻlib, viloyatning Boysun, Bandixon, Qumqoʻrgʻon, Oltinsoy va Denov tumanlari hududidan oʻtadi.
Maʼlumot uchun, 2022-yil 4-aprelda qabul qilingan prezident qarorida Surxondaryo viloyatidagi 4R-105 Darband–Boysun–Elbayon avtomobil yoʻlining 5-70 kilometr qismini va 4R-100 Mangʻuzor–Jarqoʻrgʻon–Bandixon–Oltinsoy–Denov avtomobil yoʻlining 128-174 kilometr qismini (jami 111 kilometr) rekonstruksiya qilish belgilangan.
Loyihaning umumiy qiymati 227,3 million dollar, shundan 183,8 million dollar Osiyo taraqqiyot banki qarz mablagʻi va 43,5 million dollar Oʻzbekistonning ulushi hisoblanadi.
Bugungi kunda qurilish obyektida asos ishlari bajarilmoqda. Hozirda obyektga 70 tadan ortiq maxsus mashina va mexanizm hamda 120 nafar ishchi xodim jalb qilingan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling