Videodan kadr
DXX tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Samarqand va Namangan viloyatlarida firibgarlik bilan bogʻliq holatlar aniqlandi.
Jumladan, Samarqand viloyati Davlat soliq boshqarmasi soliq nazorati boʻlimi bosh inspektori Pastdargʻom tumanidagi MCHJda oʻtkazilgan tekshiruvda aniqlangan 2,5 mlrd soʻmlik soliq qarzdorligini ushbu tekshiruvni oʻtkazgan hamkasbi orqali 1 mlrd soʻmga tushirib berish evaziga 15 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Namangan shahridagi advokatlik firmasi advokati mahalliy fuqaroning maʼmuriy sudda koʻrilayotgan mulkiy nizo bilan bogʻliq masalasini sud idoralarida ishlovchi tanishlari orqali uning foydasiga hal qilib berish evaziga 10 ming AQSH dollari, qolaversa, koʻrilayotgan ish doirasida ekspertiza xulosasini rasmiylashtirib berish evaziga 2 ming AQSH dollari, jami 12 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 7 ming AQSH dollari olgan vaqtida qoʻlga olingan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan JKning 168 (firibgarlik) va 28,211 (pora berish) -moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling