O'zbekistondan AQSH vizasi uchun berilgan arizalarning 47 foizi rad etildi

Bu 2021-yilga nisbatan yomonroq, biroq avvalgi yillarga qaraganda yaxshiroq koʻrsatkich sanaladi.

Foto: AQSHning O'zbekistondagi elchixonasi

Foto: AQSHning O'zbekistondagi elchixonasi

2022-yilda AQSHning Toshkentdagi elchixonasi murojaat qilgan Oʻzbekiston fuqarolarining 47,04 foiziga “B” toifali vizalar (sayyohlik va biznes vizalari) berishni rad etgan. Bu haqda AQSH Davlat departamenti hisobotida aytildi.

Bu oʻzbekistonliklarning 45,98 foiziga viza berilmagan 2021-yildagi raqamlarga qaraganda yomonroq koʻrsatkich, ammo pandemiya boshlangan 2020-yil (74,14 foiz), 2019-yil (68,06 foiz), 2018-yil (61,76 foiz) va 2017-yildagidan (50,29 foiz) yaxshiroq hisoblanadi.

2022-yil yakuniga koʻra, Markaziy Osiyo mamlakatlarida Oʻzbekiston vizani rad etish boʻyicha Tojikistondan keyin ikkinchi oʻrinda qayd etildi, bunda 57,03 foiz hollarda ruxsatnoma berilmaganini koʻrish mumkin. Qirgʻizistonda rad etishlar ulushi 37,85 foizni, Qozogʻistonda 44,02 foizni, Turkmanistonda 35,69 foizni tashkil etdi.

MDHning boshqa davlatlarida vizalar koʻproq beriladi: Ozarbayjon — 23,54%, Belarus — 26,05%, Rossiya — 26,18%, Armaniston — 37,87%, Ukraina — 41,27% (oʻtgan yili 15,15% edi).

AQSHning Oʻzbekistondagi sobiq elchisi Deniyel Rozenblyum 2019-yilda oʻzbekistonliklar koʻpincha vizani muddatidan oʻtkazib yuborishini taʼkidlagandi.

“Shuning uchun biz har bir odamni batafsil oʻrganishimiz va uning vizasi muddatidan oʻtib ketmasligiga va mamlakatda noqonuniy muhojir boʻlib qolmasligiga ishonch hosil qilishimiz kerak”, — deya taʼkidlagandi diplomat.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling