Oʻzbekistonda firibgarlik qilib, chet elga qochgan shaxs ushlandi

U AQSHga bormoqchi boʻlgan fuqarolarga oʻzini elchixona xodimi sifatida tanishtirib, vizaga yordam qilish uchun pul olgan.

Foto: IIV

Foto: IIV

Interpolning Oʻzbekistondagi Milliy markaziy byurosi xodimlari tomonidan firibgarlik sodir etgani uchun xalqaro qidiruvda boʻlgan jinoyatchi ekstraditsiya qilindi. Bu haqda IIV Matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent va Latviya poytaxti Rigada faoliyat yurituvchi Interpol MMBlarning hamkorlikdagi saʼy-harakatlari tufayli, ikki davlat mazkur tashkilotlarining rahbarlari oʻrtasidagi muzokaralar natijasida firibgarlikda ayblanayotgan xalqaro qidiruvdagi jinoyatchi Oʻzbekistonga berildi.

Qayd etilishicha, qidiruvdagi shaxs bir necha yillar davomida AQSHga chiqib ketmoqchi boʻlganlarga oʻzini AQSHning Toshkentdagi elchixonasi xodimi sifatida tanishtiradi va hujjatlarni rasmiylashtirish, xorijga chiqishga ruxsat olishda oʻz xizmatlarini taklif qiladi. Xizmatlari uchun maʼlum mablagʻ olgan. Shu tariqa, firibgardan ancha insonlar jabr koʻrgan.

U Oʻzbekistondan chiqib ketganidan keyin shaxsiy maʼlumotlarini oʻzgartirib, xorijiy davlatning soxta pasportidan foydalangan holda, jinoiy faoliyatini davom ettirib, oʻzini hamon elchixona xodimi sifatida tanishtirib, barcha xizmatlarni koʻrsatib, firibgarlik yoʻli bilan jabrlanuvchilarning pul mablagʻlarini oʻzlashtirib olgan.

Biroq qidiruvda boʻlgan shaxsni aniqlash boʻyicha uzoq davom etgan jarayonga qaramay, uning chet el pasportini soxta, shaxsiy maʼlumotlarini esa haqiqiy emas deb topib, Toshkent va Riga Interpolning MMB birgalikdagi saʼy-harakatlari natijasida huquqbuzarning shaxsi aniqlanib, qoʻlga olindi.

Bosh prokuraturaning ekstraditsiya toʻgʻrisidagi iltimosnomasi qanoatlantirilgandan soʻng jinoyatchi Interpol MMB xodimlari hamkorligida adolat qaror topishi uchun Oʻzbekistonga olib kelindi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling