“Bunyodkor” va “Nasaf” jamoalari oʻrtasidagi oʻyinda ommaviy janjal yuzaga keldi

Qoʻshimcha daqiqalarda futbolchilar hakamni nohaqlikda ayblagan va tortishuv yuz bergan

Videodan kadr

Videodan kadr

Bugun, 17-aprel kuni “Bunyodkor” stadionida boʻlib oʻtgan “Bunyodkor” va “Nasaf” jamoalari oʻrtasida Coca-cola superligasining 6-turidan oʻrin olgan uchrashuvida ikki jamoa vakillari oʻzaro janjallashishdi. Futbolchilar oʻrtasida tortishuv yuzaga kelgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Oʻyin vaqtida jamoat xavfsizligini taʼminlovchi Milliy gvardiya va Oʻzbekiston Futbol Assotsiatsiyasi holat yuzasidan maʼlumot berdi.

Ikki jamoa oʻrtasidagi oʻyinda hisob “Nasaf” jamoasi foydasiga 1:0 boʻlib, qoʻshimcha daqiqalarda “Bunyodkor” jamoasi hisobni 1:1 ga tenglashtirdi. Shundan soʻng, ushbu oʻyinni boshqargan hakamni nohaqlikda ayblagan tarafdorlar oʻrtasidagi oʻzaro hurmatsizlik oqibatida tortishuvlar yuzaga kelgan. Unga murabbiylar va zaxiradagi oʻyinchilar ham aralashib, natijada janjallashib ketishgan.

“Mazkur oʻyin davomida jamoat tartibini saqlashga jalb qilingan Milliy gvardiya va IIBB xodimlari tomonidan holat oʻz vaqtida bartaraf qilindi. Tan jarohati olganlar yoʻq”, - deyiladi Milliy gvardiya Matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, mazkur vaziyat OʻFA tartib-intizom qoʻmitasi tomonidan koʻrib chiqilishi maʼlum qilindi.

Qayd etilishicha, hozirda OʻFA va OʻzPFL mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tomonidan mavjud videomateriallar hamda uchrashuv rasmiylari hisoboti oʻrganib chiqilmoqda. Barcha maʼlumot va materiallar tartib-intizom qoʻmitasiga taqdim etiladi. Aybdorlar aniqlanib, ularga nisbatan oʻrnatilgan tartibda chora koʻriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling