Buxoro—Toshkent yo'nalishidagi "Afrosiyob" poyezdi to'xtab qoldi

Yo‘lovchilar zaxira poyezdda yetkazib qo‘yilgan, ularga chipta puli to‘liq qaytarib beriladi

Foto: Tez News<br>

Foto: Tez News

Buxoro—Toshkent yoʻnalishidagi “Afrosiyob” poyezdi toʻxtab qoldi. Bu haqda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2023-yil 1-yanvar kuni ushbu yoʻnalishdagi 769-sonli “Afrosiyob” poyezdi elektr kuchlanishli sim tarmogʻidagi nosozlik sababli Yangi Chinoz—Chinoz peregon oraligʻida toʻxtab qolgan. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” poyezd Toshkentga kechikib kelishi haqida ogohlantirgan.

Xabarga koʻra, yoʻlovchilarni manzilga xavfsiz yetkazib kelish maqsadida 20:35 da Toshkent Shimoliy vokzalidan zaxira “Afrosiyob” elektropoyezdi joʻnatilgan va poyezd Chinoz bekatiga 21:05 yetib borib, 269 nafar yoʻlovchi zaxira poyezdiga xavfsiz oʻtkazilgan. Soat 22:05 da poyezd Toshkent Markaziy vokzaliga yetib kelgan.

“Yoʻlovchilarga yoʻl davomida qoʻshimcha issiq choy, kofe va oziq-ovqat bepul tarqatildi. 269 nafar yoʻlovchiga chipta narxi toʻliq qaytarib beriladi”, — deyiladi xabarda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling