Toshkent markazidagi AKT vazirligi va “Aloqabank” binolari 11 daqiqa davom etgan auksionda sotildi

Auksionda ikkala obyekt uchun ham bitta kompaniya gʻolib boʻldi.

Foto: E-auksion.uz

Foto: E-auksion.uz

Toshkent shahri markazi — Amir Temur maydoni yaqinida joylashgan ikkita ofis binosi sotuvga qoʻyilgan auksion yakunlandi. Bu haqda E-auksion.uz platformasida maʼlumot berilgan.

“Aloqabank” bosh ofisi binosi 317,14 milliard soʻm — lotning boshlangʻich bahosidan 5 foizga qimmat narxda kim oshdi savdosidan chiqib ketdi. Shuningdek, mazkur binoga qoʻshni boʻlgan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga tegishli bino dastlabki bahosidan 5 foizga oshib, 69,85 milliard soʻmga sotildi.

Mazkur ikki binoni sotilish auksionida bitta kompaniya — Black Gold Industry News gʻolib boʻldi.

Eng qiziqarlisi, atigi 11 daqiqa davom etgan ikkala auksionda ham faqatgina bitta narx taklif qilingan u ham boʻlsa Black Gold Industry Newsʻning oʻzi qilgan taklif.

Eslatib oʻtamiz, 2022-yilning noyabr oyida “Aloqabank” ATBning mazkur ofisi sotuvga qoʻyilgani haqida xabar bergandik. Binosi 7345 km.kv boʻlgan obyekt 39,8 sotix maydonga ega.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling