Mirzo Ulugʻbek tumanida daraxtlarning ildizlariga shikast yetkazganlarga jarima belgilandi

Oʻtgan yili Chilonzor va Yakkasaroyda roʻy bergan shov shuvli holatlarga qaramasdan Mirzo Ulugʻbek tumanidagi yana oʻnlab daraxtlar ildizi shikastlantirilgan.

Foto: Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi

Foto: Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi

Ijtimoiy tarmoqlarda Mirzo Ulugʻbek tumanining “Shahrisabz” MFY da amalga oshirilayotgan obodonlashtirish va taʼmirlash ishlariga jalb etilgan maxsus texnika vositalari daraxtlarning ildiz qismini shikastlantirayotgani toʻgʻrisida xabar eʼlon qilindi. Bu boʻyicha Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, holat Mirzo Ulugʻbek tumani Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻlimi davlat inspektorlari hamda tuman Ichki ishlar boʻlimi xodimlari bilan birgalikda hududga chiqib oʻrganilgan.

Oʻrganilgan ishlar natijasida, “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonun talablariga rioya etmaganligi uchun masʼullarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 79-moddasiga (Daraxtlarni, butalarni, boshqa oʻsimliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yoʻq qilish yoki boshqa joyga koʻchirib oʻtkazish) asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima belgilandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling