Videodan kadr
Ijtimoiy tarmoqlarda Namanganda maktab direktori va oʻqituvchisi oʻrtasidagi janjal haqida xabar tarqalib, muhokamalarga sabab boʻlgan edi. Holat yuzasidan Kosonsoy tuman IIB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilgan.
Maʼlum qilinishicha, ushbu holat joriy yilning 28-fevral kuni soat 09:30da Kosonsoy tuman XTBga qarashli 2-sonli umumiy oʻrtataʼlim maktabida sodir boʻlgan.
Aniqlanishicha, 1980-yilda tugʻilgan maktab direktori va 1959-yilda tugʻilgan oʻqituvchi oʻrtasida oʻzaro janjal kelib chiqqan. Natijada direktor oʻqituvchining yuz qismiga boshi bilan bir marotaba urib, tan jarohati yetkazgan.
Maktab direktorining soʻzlariga koʻra, voqea sodir boʻlgan kun 2-soat darsda davomat tadbirini oʻtkazish uchun oʻqituvchi dars oʻtayotgan xonaga kirgan. Dars boʻlmayotgan jarayonni koʻrib, buning sababini oʻqituvchidan soʻragan.
“Tashqariga yur, bu yerda gaplashamiz deb, tortib olib chiqdi. Keyin shu vaqt yoqalashib, tortishib ketdik. Men u kishini qasddan urganim yoʻq, toʻsatdan boʻldi. Oʻsha kunni oʻzida kechqurun meni oʻgʻillari chaqirib, 40 ga yaqin sheriklarini olib keldi. Mushtlashuv boʻldi, jarohat yetkazishdi”, - deydi direktor.
64 yoshli oʻqituvchi esa mazkur holatni quyidagicha izohladi:
“Dars oʻtayotganimda direktorimiz eshikni taqillatmasdan, xonaga kirib keldi. Direktor bor ovozi bilan bolalarga ham, menga ham baqirdi. Keyin men tashqariga chiqib, menga baqirgin. Bolalarni oldida meni ham, oʻzingni ham hurmatingni ketkazmasdan dedim. Soʻngra yoqamdan ushlab, kallasi bilan urganini bilaman. Burnim qonab, sinib ketdi”.
Qayd etilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan jabrlanuvchining arizasiga asosan, tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tergov yakuni boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot beriladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling