Foto: Open Source
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi va uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUKda juda koʻp miqdordagi moliyaviy xato va kamchiliklar hamda budjet mablagʻlarining sarf qilinishida belgilangan talablarning qoʻpol ravishda buzilganlik holatlarini aniqladi.
Holatlar boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Hozirda DXX tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siropining nojoʻya taʼsiri sababli oʻtkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi bilan bolalar vafoti boʻyicha qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi tergovi doirasida bir qator mansabdor shaxslar qamoqqa olindi.
Xususan, toʻplangan dalillar asosida Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi hamda uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyum va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori Sardor Kariyev hamda sodir etilgan jinoyatlarga aloqador boʻlgan uning bir nechta shaxslar ish boʻyicha gumon qilinib ushlanib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllandi.
“Dastlabki tergov davomida sifatsiz dori vositalarini Oʻzbekistonga import qilib, isteʼmolga chiqarilishiga ruxsat bergan masʼullar doirasini aniqlab, harakatlariga huquqiy baho berishga qaratilgan kompleks tergov-tezkor harakatlari va tegishli ekspertizalar oʻtkazilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022-yilning dekabr oyida Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Hikmatovich Kariyevni egallab turgan lavozimidan ozod etgandi. U 2019-yil fevralidan beri agentlikni boshqarib kelayotgandi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling