Gurbanguli Berdimuhamedovga yangi maqom berildi

Prezident farmoni bilan unga “turkman millatining umummilliy lideri” maqomi berildi

Foto: Newsweek.com

Foto: Newsweek.com

Turkmanistonda parlamentning yuqori palatasi tugatilib, bir palatali parlament, yaʼni xalq hokimiyatining oliy organi — Xalq maslahati tashkil etildi.

Davlat axborot agentligining bildirishicha, bunday qaror 21-yanvar kuni parlament palatalarining qoʻshma yigʻilishida qabul qilingan.

Xalq maslahatiga amaldagi prezident Sardor Berdimuhamedovning otasi — sobiq prezident Gurbanguli Berdimuhamedov rais etib saylandi. Prezident farmoni bilan unga “turkman millatining umummilliy lideri” maqomi berildi.

Turkmanistonda ikki palatali parlament 2021-yilning yanvarida tashkil etilgan edi. Gurbanguli Berdimuhamedov prezidentlik kursisini oʻgʻliga topshirganidan soʻng mazkur parlamentning yuqori palatasiga raislik qila boshlagan edi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling