Fanlar akademiyasi saratonga qarshi dori haqida qoʻshimcha maʼlumot berdi

Tashkilotning tushuntirishicha, preparat qariyalarda prostata saratonini davolashda samarali ekanligi isbotlangan.

Foto: OʻzA

Foto: OʻzA

Oʻzbekiston olimlari saraton kasalligini davolashda samarali boʻlgan “Lyutetsiy - 177” preparatini roʻyxatdan oʻtkazdi va ishlab chiqardi. Bu haqda avvalroq Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti direktori, texnika fanlari doktori, professor Ilhom Sodiqov OʻzAga bergan intervyusida maʼlum qilgandi.

Uning tarkibida radioizotop va prostata oʻziga xos membranasi bilan biriktirilgan “Antigen - 617” oqsil moddasi mavjud.

Fanlar akademiyasi ushbu dori keksa erkaklarda prostata saratonini davolashda samarali ekanligini tushuntirdi hamda bir qator OAVlarda ushbu dori haqidagi maʼlumotlar notoʻgʻri berilganligini maʼlum qilgan.

“Ushbu maqola boshqa bir qator nashrlarda nihoyatda qisqartirilgan holda qayta nashr etilgan. Fuqarolarda bu dori barcha saraton kasalliklarini davolaydi, degan fikr uygʻongan. Asl maqolada aytilishicha, dori vositasining 1 ta dozasi 1,5 ming ($1500) AQSH dollari deb yozilgan boʻlsa, baʼzi saytlarda uning narxi 1,5 dollar deb 1000-marta kamaytirib, notoʻgʻri koʻrsatilgan”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, ushbu preparat tarkibida radioaktiv modda borligi va dorixonalarda sotilmasligi qayd etilgan.

“Dori faqat PET (pozitron emissiya tomografiyasi) yordamida bemorlar tekshiriladigan va tashxis qoʻyiladigan shifoxona va klinikalarga yetkaziladi. Agar bemorning kasalligini ”Lyutetsiy - 177“ preparati bilan davolash mumkin boʻlsa, klinika kerakli dozani belgilaydi. Davolash faqat shifoxonada, maxsus gamma kameralar yordamida mutaxassislar nazorati ostida amalga oshiriladi. Bemorlar ushbu dorini dorixonada sotib olib, oʻz-oʻzini davolay olmaydi”, — deya xulosa qildi Fanlar akademiyasi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling