Saida Mirziyoyeva BMTning Orol fojiasi oqibatlariga bagʻishlangan konferensiyasida maʼruza qildi

Tarixda ilk bor qoraqalpoq tili BMT minbarida yangradi. Saida Mirziyoyeva qoraqalpoq tilida elegiya oʻqib berdi.

Foto: t.me/SShMirziyoyeva

Foto: t.me/SShMirziyoyeva

23-mart kuni BMTning suv masalalari boʻyicha konferensiyasining yuqori darajadagi yalpi majlisida Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzosi Saida Mirziyoyeva nutq soʻzlab, BMT minbaridan Orol dengizi fojiasining oqibatlari, ularni yumshatish boʻyicha Oʻzbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar va bu boradagi xalqaro saʼy-harakatlarni birlashtirishda mamlakatimizning yetakchiligi xususida soʻz yuritdi.

Saida Mirziyoyeva Orolboʻyidagi Moʻynoq ilgari yirik ishlab chiqarish quvvatlariga ega port shahar boʻlgani, keyinchalik muvozanat buzilib, dengizning oʻlik qirgʻoqlari kemalar qabristoniga aylanganini taʼkidlab, qoraqalpoq elining atoqli shoiri Ibrohim Yusupov ijodidan dengizning koʻz ochib yumguncha sahroga aylanishi tasvirlangan satrlarni oʻqib berdi.

“Orol dengizining inqirozi insoniyatning atrof-muhitga eʼtiborsizligi oqibatlari haqida dahshatli eslatmadir. Biroq, gʻamxoʻr odamlarning saʼy-harakatlari tufayli u yana umid va yangilanish ramziga aylanmoqda”, – dedi Saida Mirziyoyeva.

Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar xalqaro darajada qoʻllab-quvvatlanib, 2021-yilda Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilish haqidagi BMT rezolyutsiyasi qabul qilingani, 2018-yilda Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosidagi trast fondiga asos solingani qayd etildi.

Shuningdek, davlat amalga oshirayotgan chora-tadbirlar haqida soʻz borganda, mintaqani moliyalashtirish, iqtisodiy salohiyatini oshirish, asosiysi, matonatli qoraqalpoq elining salomatligini tiklash, hududda yashil bogʻlarni yaratish uchun 14 million dollardan ortiq mablagʻ ajratilgani aytildi.

Fojia oqibatlarini bevosita oʻz boshidan kechirayotgan Qoraqalpogʻiston xalqining matonati, mehnatsevarligi, yaratuvchanligi alohida eʼtirof etildi. Mintaqaning ogʻir sharoitida, ayniqsa, ayollar kuchli gʻamxoʻrlik va koʻmakka muhtojligi, ular uchun imkoniyatlarni kengaytirish zarurligiga eʼtibor qaratildi.

Soʻzining yakunida Saida Mirziyoyeva xalqaro hamjamiyatni global suv masalalari bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan Orol fojiasi oqibatlarini yumshatishda Oʻzbekistonning saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga chaqirdi.

Eslatib oʻtamiz, 22-24-mart kunlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida tuzilmaning Suv masalalari boʻyicha konferensiyasi oʻtkazilmoqda. Unda 2030-yilga qadar Barqaror rivojlanish maqsadlari yoʻlida obihayot orqali dunyoni birlashtirish, sayyoramiz farovonligida dengiz va okeanlarning ahamiyati, bu boradagi global tashabbuslar BMTga aʼzo barcha mamlakatlar, ixtisoslashgan idoralar tomonidan nufuzli spikerlar ishtirokida koʻrib chiqilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling