12-yanvar kuni soat taxminan 18.00 larda, 2003-yilda tugʻilgan Samarqand viloyatida yashovchi fuqaro Sh.A. (ona), Toshkent shahrining Shayxontohur tumani Samarqand darvoza koʻchasi boʻylab yoʻlning qatnov qismida 2 nafar voyaga yetmagan farzandlari bilan birga tilanchilik bilan shugʻullanganligi aniqlangan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur hududda xizmat olib boruvchi IIO xodimi unga tilanchilik bilan shugʻullanmasligini va yoʻlning qatnov qismini farzandlari bilan tark etishini talab qilganida, fuqaro Sh.A. IIO xodimi bilan gap talashib, unga qarshilik koʻrsatgan.
Aniqlanishicha Sh.A. doimiy ravishda 2 nafar voyaga yetmagan (kichigi 8 oylik) farzandlaridan foydalanib, ularning hayotini xavf ostiga qoʻyib, yoʻlning qatnov qismida transport vositalarining harakatlanishiga xalaqit qilib tilanchilik bilan shugʻullanib kelgan. Mazkur huquqbuzarliklari uchun IIO xodimlari tomonidan ilgari 11 marotaba rasmiy ogohlantirilgan.
Kelgusida mazkur tartibbuzarlik takrorlanadigan boʻlsa, fuqaro Sh.A.ning onalik huquqidan mahrum qilish masalasi koʻtarilishi haqida rasman ogohlantirilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling