Amerikaning O'zbekistondagi elchixonasi ogohlantirish bilan chiqdi

O'zbekiston fuqarolarining Amerikaga Meksika orqali qingʻir yoʻllar bilan kirishga urinishi holatlari kuzatilmoqda

Foto: Open source

Foto: Open source

Amerikaning Oʻzbekistondagi elchixonasi Meksika chegarasi orqali Qoʻshma Shtatlar hududiga noqonuniy kirishga urinish holatlari boʻyicha bayonot berdi.

“AQSH elchixonasi noqonuniy yoʻl bilan AQSH hududiga kirishga urinayotgan shaxslar oʻz hayotlarini jinoyatchilik, odam savdosi hamda moliyaviy firibgarlik qurboniga aylanish xavfi ostiga qoʻyishlari haqida ogohlantiradi. Noqonuniy yoʻl orqali AQSHga kelish hech qachon xavfsiz boʻlmagan”, – deyiladi bayonotda.

Diplomatik vakolatxona migrantlarni mamlakatga xavf-xatar ostida, noqonuniy tarzda emas, balki qonuniy yoʻllar orqali kirishga chorlagan.

Keyingi vaqtlarda Oʻzbekiston fuqarolarining AQSHga Meksika orqali qingʻir yoʻllar bilan kirishga urinishi holatlari kuzatilmoqda.

2022-yil dekabr oyida Meksikaning Durango shtati Gomes Palasio shahrida tutqunlikda ushlab turilgan bir guruh Oʻzbekiston fuqarolari mahalliy politsiya tomonidan qutqarildi. Maʼlum boʻlishicha, oʻzbekistonliklar Meksika orqali AQSHning Kaliforniya shtatiga noqonuniy ravishda oʻtib ketishni rejalashtirgan.

Samarqandda esa Meksika orqali AQSHga joʻnatish evaziga fuqarolardan katta miqdorda pul undirmoqchi boʻlgan shaxslar DXX tomonidan qoʻlga olingan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling