Foto: Sputnik
Oʻzgidromet xizmati bergan shoshilinch axborotga koʻra, 2−5-fevral kunlari Qamchiq va Taxtaqoracha dovonlarida qor yogʻib, yaxmalak yuzaga kelishi mumkin.
Keltirilishicha, A-373 Toshkent-Oʻsh avtoyoʻlining Qamchiq dovoni xududida va M-39 Toshkent-Shahrisabz-Termiz avtoyoʻlining Taxtaqoracha (Kitob) dovonidan oʻtgan qismida qor yogʻishi, vaqti-vaqti bilan kuchli yogʻingarchilik, tuman kuzatilishi, koʻrinuvchanlik 50 metrgacha pasayishi, shamol tezligi 15 — 20 m/s gacha kuchayishi, yaxmalak va qor uyumlari yuzaga kelishi mumkin.
Shuningdek, 2−6-fevral kunlari kutilayotgan yogʻingarchilik hamda havo haroratining sezilarli oʻzgarishlari sababli respublikaning togʻli hududlarida, jumladan:
Qashqadaryo viloyati: Kitob, Shahrisabz, Qamashi, Dehqonobod tumanlarida;
Surxondaryo viloyati: Qumqoʻrgʻon, Sariosiyo, Uzun, Boysun tumanlarida;
Jizzax viloyati: Zomin, Baxmal tumanlarida;
Toshkent viloyati: Parkent, Ohangaron, Boʻstonliq tumanlarida va Chotqol tizmasining Chimyon togʻlarida;
Namangan viloyati: Pop tumanida;
Fargʻona viloyati: Soʻx, Fargʻona tumanlarida qor koʻchish xavfi elon qilindi.
Avvalroq yanvarning oxirgi kunlaridagi sovuq fevral boshida ham saqlanib turishi, bu oyda yogʻingarchilik koʻp boʻlishi, baʼzi joylarda yomgʻir qorga aylanishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Fevral oxirigacha harorat kechalari +2…−5 darajagacha, kunduzi +2…+17 darajagacha oʻzgarib turishi kutilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling