“Hududiy elektr tarmoqlari” AJda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchiligida tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda tarmoq rahbarlari, hududiy elektr va gaz korxonalari mutasaddilari ishtirok etib, energiya samaradorligi va energiya resurslari yo‘qotishlarini kamaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi.
Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida hududlarda ishchi guruhlar tashkil etildi.
Ular tomonidan jami 106 140 ta transformator punktining texnik holati o‘rganilib, 25 668 tasi ta‘mirtalab ekani aniqlandi va ayni paytda ularni ta‘mirlash ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, yuqori yuklamaga ega tarmoqlarda simlarni almashtirish, zarur hududlarda tarmoqlarni tezkor modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, shuningdek, noqonuniy holatlarning oldini olish choralarini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda, shuningdek, elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirishda sun‘iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish loyihasini jadallashtirish masalasiga alohida e‘tibor qaratildi.
Gaz ta‘minoti masalalari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ham tanqidiy ko‘rib chiqilib, bu borada jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun “Hududgaz Xorazm” gaz ta‘minoti filiali rahbarini ishdan olish bo‘yicha topshiriq berildi.
Shuningdek, yoz va kuz-qish mavsumlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish, mavjud muammolarni oldindan bartaraf etish, gaz quyish shoxobchalarini “UGaz” tizimiga ulash ishlarini qisqa vaqtda yakunlash, gaz ta‘minoti tizimining barqaror ishlashini ta‘minlash hamda aholiga uzluksiz va sifatli xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan aniq topshiriq va ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilish yakunida elektr energiyasi yo‘qotishlari 20 foizdan yuqori bo‘lgan hududlar kesimida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Andijon filialidagi 14 ta, Jizzax filialidagi 7 ta, Samarqand filialidagi 10 ta, Qashqadaryo filialidagi 4 ta, shuningdek Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona filiallaridagi 2 tadan tuman (shahar) elektr korxonalari rahbarlari lavozimidan ozod etildi.