Toshkentda 6 yoshli qizga tegajogʻlik qilgan erkakka nisbatan sud jazoni kuchaytirdi

Prokurorning shikoyatidan keyin tuman sudining hukmi uzoqroq muddatga almashtirildi.

Videodan kadr

Videodan kadr

Toshkent shahar Yunusobod tumanida 47 yoshli erkak 6 yoshli qizchaga tegajogʻlik qilgani haqida xabar bergan edik. Gumonlanuvchi erkak yosh qizchani aldov yoʻli bilan podyezdga chaqirib, unga tegajogʻlik qilgan.

2022-yil 22-dekabrda sudlanuvchi JKningJKning 25,119-moddasi 4-qismi asosida ushbu kodeksning 57-moddasini qoʻllagan holda 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan edi.

Nemolchi.uz loyihasi xabariga koʻra, 2023-yil 9-yanvar kuni Yunusobod tumani prokurori Azimov O.A. Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasiga apellyatsiya arizasi yuborgan.

Oliy sud Plenumining “Zoʻrlash va jinsiy ehtiyojlarni gʻayritabiiy shaklda qondirish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarorining 8-bandiga muvofiq, nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish jinoyati tegishli jinoyat tarkibining obyektiv tomoni sifatida nazarda tutilgan jinsiy aloqa yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirishga qaratilgan harakatlar boshlangan paytdan, ular tugatilganligidan va kelib chiqqan oqibatlardan qatʼiy nazar, tamom boʻlgan hisoblanadi. Prokuror tuman sudining hukmini oʻzgartirib, qonun talablari asosida jazo tayinlashni soʻragan.

Joriy yilning 16-fevral kuni Toshkent shahar sudi Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining apellyatsiya instansiyasi Toshkent shahar Yunusobod tumani prokurorining mazkur murojaati asosida ushbu ishni koʻrib chiqdi.

Koʻrib chiqish natijasida JIB Yunusobod tuman sudining 2022-yil 22-dekabrdagi R.Sh.ga nisbatan hukmi bekor qilindi. Fuqaro R. Sh. JKning 119-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Qayd etilishicha, birinchi instansiya hukmida ayblov 25-modda jinoyatga tayyorgarlik koʻrish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish orqali ilgari surilgan. Biroq prokurorning shikoyatidan soʻng, keltirilgan vajlarga muvofiq, apellyatsiya sudi bu suiqasd emas, balki tugallangan jinoyat, deb topib, qonunda belgilangan tartibda jazoni kuchaytirgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling