Foto: Koniko'l tuman hokimligi
Ijtimoiy tarmoqlarda Qonlikoʻl tumani “Navroʻz” MFY hududidagi “Yangi Oʻzbekiston” massividagi besh qavatli uyning zinasi qurilganidan keyin qulab tushgani maʼlum boʻldi. Tuman hokimiyati axborot xizmatining maʼlum qilishicha, ushbu zinalar “Taqiyatas Tau-Kita” temir-beton zavodi tomonidan tegishli shartnoma asosida yetkazib berilgan.
Qurilishga masʼul “Imarat Qurilis konstruksiya” MCHJ rahbari Maqset Bekimbetovning aytishicha, ushbu binoda 2022-yil may oyida qurilish ishlari boshlangan. 2023-yil 3-fevral kuni binoning 3-qavatiga zinalar oʻrnatilgan. 7-fevral kuni ularda yoriq hosil boʻlib, qulab tushgan.
“Bizga zinalarni yetkazib bergan korxona rahbarlarini chaqirib, holatni koʻrsatdik. Shartnomalari bor. Pullari bank kreditlari orqali toʻlangan. Boshqa podyezdlarga ham ushbu zinalar qoʻyilgan edi. Koʻp vaqt oʻtmay, ular ham yorilishni boshladi. Ularni ham zavod masʼullariga koʻrsatib, olib tashladik. Ularni almashtirib, umumiy 9 zinani yangidan qurib beradigan boʻldi”, — dedi Maqset Bekimbetov.
Voqea sabab jabrlanganlar yoʻq. Holat boʻyicha prokuratura va boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan oʻrganish ishlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling