Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati
2022-yil yakuni boʻyicha Oʻzbekistonda 35,5 million kVt/soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish boʻyicha 719 ta holat aniqlangan. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, ushbu qoidabuzarliklar natijasida 15,7 milliard soʻmlik zarar yetkazilgan. Maʼlum qilinishicha, bu hajmdagi elektr energiyasi 177 mingdan ortiq xonadonning oʻrtacha oylik isteʼmolini tashkil etadi.
Noqonuniy foydalanishning eng koʻp holatlari ayniqsa Andijon, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlari hissasiga toʻgʻri keladi.
Xabarga koʻra, Samarqand viloyatidagi “Maroqand sifat tekstil” MCHJda 2,3 mlrd soʻm, Toshkent viloyatidagi “Spring Kolours Industriy” MCHJda 1,4 mlrd soʻm, Andijon shahridagi “F.X.S” MCHJda 684,17 mln soʻm miqdoridagi qayta hisoblash ishlari amalga oshirilgan.
“Qoidabuzarlik sodir etgan isteʼmolchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar koʻrildi, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi”, — deyiladi xabarda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling