“Navalniy” filmi “Oskar” oldi

Amerikada "Oskar" mukofotini topshirish marosimi bo'lib o'tdi

Foto: Open Source

Foto: Open Source

AQSHda 95-marta oʻtkazilgan Amerika kinoakademiyasi mukofotini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Kanadalik rejissyor Daniel Roerning rossiyalik muxolifatchi va Putinning tanqidchisi Aleksey Navalniyning zaharlanishi va uning Rossiyaga qaytishi haqidagi film – “Navalniy” filmi “Eng yaxshi hujjatli film” nominatsiyasida AQSH kinoakademiyasi mukofoti – “Oskar”ni qoʻlga kiritdi.

“Men ushbu mukofotni Aleksey Navalniyga va dunyodagi barcha siyosiy mahbuslarga bagʻishlamoqchiman.

Aleksey, dunyo sizning jasoratingizni unutmaydi. Biz diktatura va avtoritarizmga qarshi turishdan qoʻrqmasligimiz kerak”, – deydi film rejissyori Daniel Roer “Oskar” oltin haykalchasini qabul qilib olar ekan.

Film premyerasi 2022-yil yanvarida Sundance mustaqil kinofestivalida boʻlib oʻtgan va u tomoshabinlar olqishiga sazovor boʻlgan edi.

Film Alekseyning zaharlanishi va uning rafiqasi Yuliya Navalnayaning erini Rossiyaning Omsk shahridagi kasalxonadan Germaniyaga “evakuatsiya qilish” uchun olib borgan kurashi hamda Navalniy Moskvaga qaytib kelishi bilan rus politsiyasi uni olib ketgunga qadar boʻlgan muddatni qamrab oladi. Keyinroq u Moskva tomonidan Navalniyning siyosiy motivlari borligi bilan bogʻliq sinov muddatini buzganlikda ayblanib, ikki yarim yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

“Mening erim faqat haqiqatni aytgani uchun qamoqda. Demokratiyani himoya qilgani uchun qamoqda. Aleksey, men sen ozod boʻladigan, yurtimiz ozod boʻladigan kunni orzu qilaman. Oʻzingni asra, azizim”, – deydi Yuliya Navalnaya taqdimotda.

Ushbu hujjatli film Britaniyaning Bafta mukofotiga ham sazovor boʻlgan.

Maʼlumot uchun, joriy yilgi taыdirlashda “Har narsa har joyda” filmi 2022-yilning eng yaxshi kinokartinasi sifatida eʼtirof etildi.

Gʻoliblar:

  • Eng yaxshi animatsion film: “Pinokkio Gilermo del Toro”;
  • Eng yaxshi operatorlik ishi: “Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq”;
  • Eng yaxshi sahnalashtiruvchi rassom: “Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq”;
  • Eng yaxshi kostyumlar: “Qora pantera: abadiy Vakanda”;
  • Eng yaxshi grim va turmaklar: “Kit”;
  • Eng yaxshi qisqa metrajli oʻyin filmi: “Irlandcha xayrlashuv”;
  • Eng yaxshi qisqa metrajli animatsion film: “Bolakay, Yumronqoziq, Tulki va Ot”;
  • Eng yaxshi qisqa metrajli hujjatli film: “Fillarni qargʻovchilar”;
  • Eng yaxshi xorijiy film: “Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq” (Germaniya);
  • Eng yaxshi hujjatli film: “Navalniy”;
  • Eng yaxshi vizual effektlar: “Avatar: suv yoʻli”;
  • Eng yaxshi qoʻshiq: Naatu Naatu “RRR: yonimizda inqilob kuylamoqda” (Hindiston);
  • Eng yaxshi musiqa: “Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq”;
  • Eng yaxshi musiqa: “Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq”;
  • Eng yaxshi aktrisa: Mishel Yeo (“Har narsa har joyda”);
  • Eng yaxshi aktyor: Brendan Freyzer (“Kit”)
  • Eng yaxshi film: “Har narsa har joyda”;
  • Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktrisa: Jeymi Li Kyortis (“Har narsa har joyda”);
  • Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktyor: Ke Hyui Kuan (“Har narsa har joyda”).
telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling