Foto: Videodan lavha
13-yanvar kuni Toshkent shahrida Qoʻyliq bozoridan Doʻstlik-2 mavzesiga harakatlangan 117-sonli avtobus eshigi ochiq holda harakatlandi. Mazkur holat yuzasidan “Toshshahartransxizmat” munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, avtobus harakatlanayotgan vaqtda bugungi kunda kuzatilayotgan anomal sovuq ob-havo harorati tufayli oraliq bekatda avtobus eshigining mexanizmidagi havo tizimi muzlab qolgan.
Xabarga koʻra, haydovchi avtobus salonida yoʻlovchilar borligini inobatga olib, ularni oxirgi bekatga yetkazib qoʻyish maqsadida harakatni davom ettirgan. Yoʻlovchilarni bekatga yetkazgandan soʻng haydovchi avtobusni 12-avtobus saroyi filialiga olib kirgan.
“Avtobusga texnik yordam koʻrsatilib, kamchilik bartaraf etilgandan soʻng soat 15:20 da yana yoʻnalishga chiqarilganligini va ushbu avtobus ayni paytda yoʻnalishda texnik soz holatda harakatini davom ettirayotganligini maʼlum qilamiz”, — deyiladi xabarda.
“Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan barcha avtobus saroyi mutasaddi rahbarlariga tegishli koʻrsatmalar berilib, har shanba kuni boʻlib oʻtadigan “Haydovchilar kuni” yigʻilishida haydovchi va chiptachilarga favqulodda holatlar yuzaga kelgan vaqtda qanday harakatlanish zarurligi boʻyicha yana bir bor tushuntirish ishlarini olib borish zarurligi toʻgʻrisida topshiriqlar berilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling