Jahongir Ortiqxo'jayev Toshkent shahar hokimi lavozimidan ozod etildi

U oʻz faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygan

Prezident huzurida energiya resurslari taʼminoti yuzasidan yigʻilish boshlandi.

“Men sovuqdan qiynalayotgan har bir oila, har bir insonning kayfiyatini, hissiyotini chuqur tashvish va iztirob bilan yuragimdan oʻtkazayapman”, - dedi davlatimiz rahbari.

Yuzaga kelgan vaziyat sohalar hamda hudud rahbarlarining bugungi kungacha qanday ishlaganini yaqqol koʻrsatib qoʻygani taʼkidlandi. Ayniqsa, Toshkent shahrining barcha darajadagi rahbarlari bugungi holatga umuman tayyor emasligi keskin tanqid qilindi.

Poytaxtning Bosh rejasi haligacha tasdiqlanmagani natijasida ruxsatsiz qurilgan obyektlar soni 250 dan oshib ketgani, qurilishga ruxsat berilganda, mavjud infratuzilmaga yuklama boʻyicha aniq hisob-kitob qilinmayotgani, bozorlarda oziq-ovqat muzlab qolmasligi uchun, narx-navo oshib ketmasligi uchun chora koʻrilmayotgani uchun poytaxt mutasaddilariga qatʼiy eʼtiroz bildirildi.

Shu bois, vaziyatga oldindan baho berib, qish mavsumiga lozim darajada tayyorgarlik koʻrmagani uchun Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev lavozimidan ozod etildi.

Yunusobod, Mirzo Ulugʻbek, Uchtepa tumanlari hokimlari ham lavozimidan ozod etilib, hokim vazifasini bajaruvchisi lavozimiga tushirildi. DXX va Bosh prokuraturaga ularning faoliyatini oʻrganish topshirildi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati raisi Farhod Abduraxmonov lavozimidan ozod etildi.

Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari Baxtiyor Raxmonov Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi, Bosh prokuror oʻrinbosari E.Yuldashev shahar prokurori etib tayinlandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling