Umra ziyoratidan qaytgan ayolning oyog'i ostiga yosh bola bostirildi

Fatvo markazi mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi

Foto: Videodan lavha<br>

Foto: Videodan lavha

Ijtimoiy tarmoqlarda Umra ziyoratini ado etib kelgan ayolni kutib olishda uning qadami ostiga sholchalar, kiyimlar toʻshalgani, yosh bolani ziyoratchining oyogʻi ostiga bostirilgani aks etgan videolar tarqaldi. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.

“Haqiqatda umra ibodatiga borib kelayotgan ayrim ziyoratchilar va ularning yaqinlari bilgan yoki bilmagan holda riyokorlikka yoʻl qoʻyishi kuzatilmoqda. Baʼzi hollarda umra safaridan kelganlarni dabdabali kutib olish, koʻcha boshidan payondozlar solish holati koʻpaymoqda. Bu kabilar dinimizga mutlaqo zid boʻlib, unday ishlarni qilayotganlar oʻta johil va nodon kishilardir.

Ehtimol, bu ishlari bilan ular oʻzlarining Allohning baytiga boʻlgan ehtiromlarini yoki uni tavof qilib kelgan kishiga nisbatan hurmatlarini ifodalamoqchidirlar. Lekin, ibodatga hurmat-ehtirom bu tarzda namoyon qilinmaydi. Aksincha, bu riyokorlik va ogʻir gunoh”, — deyiladi munosabatda.

Qayd etilishicha, musulmon kishi har bir ishni qilishda Alloh taoloning roziligini qasd qilishi lozim. Agarda kishi bir amalga “odamlar meni koʻrib qoʻysin”, degan qasd bilan kirishsa, shu amali bekorga ketib, ustiga-ustak gunohkor ham boʻladi.

“Shunday ekan, dabdabali marosimlar uchun qiladigan sarf-xarajatlarni tejab, yon-atrofimizdagi muhtoj kishilarga bersak, farzandlarimizning taʼlim olishi yoʻlida sarflasak, ibodat qabul boʻlishi uchun bir vasila boʻlar edi”, — deyiladi xabarda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling