Foto: t.me/ecogovuz
7-mart kuni Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumanining “Sholikor” SIU hududidagi “Qolgansir” davlat oʻrmon va ov xoʻjaligi yer maydonida sodir boʻlgan yongʻin yuzasidan Tabiat resurslari vazirligi va tegishli tashkilotlar xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilib, oʻrganish ishlari olib borildi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Oʻrganish davomida “Qolgansir” davlat oʻrmon va ov xoʻjaligiga qarashli jami 10 gektar yer maydoni yongani maʼlum boʻldi.
Shundan 2 gektar yer maydonidagi manzarali daraxtlar tegishli tartibda xatlovdan oʻtkazilib, 4 turdagi 294 dona manzarali daraxt oʻsishdan toʻxtagani, 4 turdagi 217 dona manzarali daraxt esa oʻsishdan toʻxtamaydigan darajada shikastlangani aniqlangan. Oʻsimlik dunyosiga 494 million 940 ming soʻm zarar yetkazilgan.
Yongʻinning kelib chiqishiga “Sholikor” va “Sindorobod” SIU hududida faoliyat olib boruvchi 35 nafar fermer tomonidan sholidan boʻshagan yer maydonidagi oʻsimlik qoldiqlarining yoqib yuborilishi sabab boʻlgan. Oqibatda 311,7 gektar dala yer maydoni yongan.
Yongʻin oqibatida yerning unumdor qatlamidagi ball boniteti pasayishiga sabab boʻlgan holatlar boʻyicha dastlabki hisob-kitoblar qilinib, 295 million 627 ming soʻm zarar miqdori belgilangan.
Yuqoridagi holatlar boʻyicha tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling