Foto: O'zA
Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti (OʻzJOKU) rektori Sherzod Qudratxoʻjaning Xalqaro press-klub koʻrsatuvida maktab dasturidagi fizika va kimyo fanlari soatlarini qisqartirish haqidagi taklifi keng muhokamalarga sabab boʻldi. Sherzod Qudratxoʻja holatga munosabat bildirib, uning fikrlari notoʻgʻri talqin qilinayotganini maʼlum qildi.
Uning aytishicha, oʻrta taʼlim maktablari oʻquv dasturidan kimyo va fizika fanlarini chiqarib tashlashni taklif qilgani haqidagi xabarlar asossiz. OʻzJOKU rektori bunday xabarlarni kimlar tarqatganini taxminan bilishini, “eskitdan ularning maqsadi boʻlganini” taʼkidlagan.
Oʻzbekiston maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova maktablarda fizika va kimyo fanlari qisqartirilishi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlar orqali keng muhokama qilinayotgan munozaralarga munosabat bildirdi.
“Kelajakda gumanitar sohani egallaydigan oʻquvchilarga fizika yoki kimyo fanlarini oʻqitish kerak emas, deyish mumkin emas. Sababi har bir inson qaysi kasbni tanlamasin, mavjud ilmiy paradigma asosida dunyo qanday tuzilganini bilishi shart.
Fizika va kimyo kabi fundamental fanlarni oʻqitish asnosida insonning fikrlash qobiliyati rivojlanadi. Bunday salohiyatga ega boʻlgan shaxs esa hodisalarni tahlil qilish, tushunish va tushuntirishga qodir boʻladi.
Taʼlim sohasiga masʼul rahbar sifatida ushbu fundamental fanlarni maktab oʻquvchilariga oʻqitilishini bekor qilinishi haqidagi fikrlar hech bir asosga ega emasligini va bunday xavotirga oʻrin yoʻqligini maʼlum qilaman. Aksincha, endilikda biz maktablarda ushbu fanlarni oʻqitishni amaliyot bilan bogʻlash ustida bosh qotirishimiz va buning uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga bor eʼtiborimizni qaratishimiz zarur”, — deyiladi munosabatda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling