Shavkat Mirziyoyev bukmeykerlik faoliyatini qonuniylashtirish boʻyicha maxsus ishchi guruh tuzish boʻyicha topshiriq berdi. Bu topshiriq Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi prezident qarorida belgilangan.
Maxsus ishchi guruh 2023-yil yakuniga qadar ilgʻor xorij tajribasi asosida futbolni moliyalashtirish tizimini kengaytirishda bukmeykerlik faoliyatini amalga oshirish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Guruhni tashkil etishda masʼul shaxslar Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Adliya vazirliklari hamda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbarlari hisoblanadi.
Eslatib oʻtamiz, 2019-yilda Prezident qarori qabul qilingan. Unda sportni, ayniqsa, futbolni yanada rivojlantirish, shuningdek, qoʻshimcha sarmoya jalb etish maqsadida bukmeykerlik shoxobchalarini ochish koʻzda tutilgan edi. Hujjatga koʻra, bukmeykerlik 2021-yildan ochilishi kerak edi.
Biroq oʻtgan yilning aprel oyida bukmeykerlik idoralarini qonuniylashtirish bekor qilindi . Shuningdek, davlat organlariga bukmeykerlik faoliyatini tartibga solishning huquqiy asoslarini tayyorlashni topshiruvchi band oʻz kuchini yoʻqotdi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling