Qashqadaryoda choyxonada o'tirgan “GAI”larni videoga olib, internetga tarqatgan erkaklar qamaldi — video

Maʼlum boʻlishicha, dam olish kunida xodimlar choyxonada ovqatlanib oʻtirganda bir nechta erkaklar kelib, xodimlar bilan tortishib, ularni video olgan.

Videodan kadr

Videodan kadr

Qashqadaryo viloyatida Ichki ishlar organi xodimining choyxonada oʻtirganini tasvirga olgan va ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgan fuqarolar 15 sutkaga qamaldi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Sudlanuvchi erkakning aytishicha, bir necha erkak Shahrisabzdagi choyxonalardan birida YPX xodimini koʻrib qolgan. Ular kameralar bilan xodimning yoniga kelib, videoga olgan hamda tashqarida turgan YPX xizmat avtomobili va uning ichidagi buyumlarni tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgan.

Bundan tashqari, ushbu shaxslar “102” tezkor raqamiga yolgʻon axborot berib, voqea joyiga shahar ichki ishlar boʻlimi tergov-tezkor guruhini chaqirgan.

“Choyxonaga “dostavka” olish uchun kirgandim. Hamkasbim ham oʻtirgan ekan shu yerda. “Ofitsiant”ga koʻk choy olib kelishini soʻradim, boshqa hech narsa kerakmasligini aytdim. Oradan 10-15 daqiqa oʻtdi, bir odam kirib keldi, orqasidan yana 5 nafar odam tasvirga olib kirib keldi. Ovqatlanishga haqqim yoʻqmi, deb oʻzimga oʻzim savol berdim. Ular bizga senlar bu yerda nima qilib oʻtiribsan, senlarga mumkinmi bu yerda oʻtirish, dedi. Toʻrt nafari eshikni ushlab oʻtirdi, tashqariga chiqishimga ham qoʻymadi”, - deydi YPX xodimi.

Sudda maʼlum qilinishchia, ushbu holat xodimning dam olish kunida sodir boʻlgan.

Sud hukmi bilan mazkur 5 nafar erkak Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddalarida koʻrsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda ayblanib, 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling