Toshkent viloyatida noqonuniy faoliyat yuritayotgan ikkita “zapravka” aniqlandi

Natijada ikki tashkilotlarga jami 600 mln soʻm qoʻshimcha tabiiy gaz hisoblandi

Foto: Energetika vazirligi

Foto: Energetika vazirligi

Energetika vaziri boshchiligidagi ishchi guruh (Prokuratura va Ichki ishlar organlari xodimlari bilan hamkorlikda) tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini oldini olish boʻyicha Toshkent viloyati Ohangaron tumanida nazorat tadbirlari oʻtkazildi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

10-yanvar kuni soat 02:10 lar atrofida ishchi guruh tomonidan tumandagi “Oʻzar” MFYda joylashgan "Barhayot plyus" MCHJga qarashli avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchasi (AGTKSH) belgilangan oʻchirish grafigiga rioya etmagan holda faoliyat koʻrsatayotganligi aniqlandi.

Ushbu hududda joylashgan “Metan trans servis” MCHJ hamda “Barhayot plyus” MCHJga qarashli AGTKSHlarning gaz hisoblagichlari belgilangan tartibga zid ravishda oʻrnatilganligi maʼlum boʻldi.

Mazkur shoxobchalarning gaz hisoblash uskunalari ekspertizadan oʻtkazilganda, ushbu uskunalar foydalanishga yaroqsiz deb topildi va oxirgi nazorat kunidan bugungi kunga qadar qayta hisob-kitob qilindi. Natijada yuqorida nomlari sanalgan tashkilotlarga 300 mln soʻmdan (jami 600 mln soʻm) qoʻshimcha tabiiy gaz hisoblandi.

Shu bilan birga, “Barhayot plyus” MCHJda 31 mln soʻm hamda “Metan trans servis” MCHJda 80 mln soʻm (jami 111 mln soʻm) elektr energiyasi uchun qarzdorligi aniqlandi.

Mazkur gaz toʻldirish kompressor shoxobchalar tabiiy gaz tarmogʻidan uzilgani maʼlum qilindi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling