Samarqandda fuqarolarni AQSHga 40 ming dollar evaziga joʻnatishda gumonlangan shaxs ushlandi

Holat boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Foto: Samarqand IIB

Foto: Samarqand IIB

Samarqandda fuqarolarni noqonuniy ravishda Meksika orqali AQSHga joʻnatishni vaʼda qilgan shaxs aniqlandi. Bu haqda Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Samarqand viloyati ishki ishlar boshqarmasiga Samarqand shahrida yashovchi shaxs noqonuniy yoʻli orqali AQSH davlatiga joʻnatish ishlari bilan shugʻullanayotgani murojaat qilgan. U dastlab Yevropa orqali Meksikaga, shundan soʻng AQSH davlatiga olib oʻtishni vaʼda qilgan va har bir shaxs uchun 40 ming AQSH dollari soʻragan. Shundan soʻng rasmiylashtirish uchun 10 ming AQSH dollar talab qilgan.

Shu sabab murojaat qilgan fuqaro unga qonuniy chora koʻrishini soʻragan. Mazkur arizaga nisbatan 2023-yil 20-fevral kuni Samarqand shahrida tezkor tadbir oʻtkazilgan va fuqaro arizachidan 10 ming AQSH dollari olayotgan vaqtda dalillar bilan qoʻlga olingan.

Holat yuzasidan ushbu fuqaroga nisbatan Samarqand shahri boʻyicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” (juda koʻp miqdorda firibgarlik) bandiga asosan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling