Oʻqituvchilarni majburiy mehnatga takroran jalb qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda

Senatorlar oʻqituvchilarni oʻz faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni, ularning faoliyatiga aralashganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonunni maʼqulladi.

Foto: Teznews

Foto: Teznews

Senatning 37-yalpi majlisida “Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Jinoyat kodeksiga hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi. Bu haqda Senat Matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur qonunga muvofiq Jinoyat kodeksiga pedagog xodimlarni mehnatga maʼmuriy tarzda majburlaganlik uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin xuddi shunday qilmishni takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi norma kiritilmoqda.

Unga koʻra taʼlim tashkilotining pedagog xodimini mehnatga maʼmuriy tarzda qayta majburlaganlik uchun BHMning 150 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yohud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda pedagog xodimlarni mehnatga maʼmuriy tarzda majburlaganlik, shuningdek, ularning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, taʼlim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga taʼlim oluvchilarning bilimini toʻgʻri va xolis baholashiga taʼsir koʻrsatish yoki qonunga xilof ravishda aralashish, taʼlim tashkiloti pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilish uchun ham javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Bunda Kodeksdagi sanksiyalar fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 15 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻlishi belgilanmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling