Barcha maktablarda bepul ovqatlanish tashkil etiladi, oʻqituvchilarning maoshi oshiriladi — Prezident qarori

2022-2026-yillarda Oʻzbekiston taʼlim sohasida kasb-hunar taʼlimi tizimini sifat jihatidan oshirish va rivojlantirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Foto: Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi

Foto: Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi

2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida prezident qarori qabul qilindi.

Dastur doirasida taʼlim sohasida quyidagi islohotlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Umumiy oʻrta taʼlim sohasidagi islohotlar

2023-yil 1-sentyabrdan boshlab har bir tuman (shahar)ning bittadan umumiy oʻrta taʼlim muassasasida oʻquvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga oʻrgatish amaliyoti bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyiladi.

2023/2024 oʻquv yilidan boshlab bosqichma-bosqich umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquvchilarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, ularda kommunikativ koʻnikmalar, tanqidiy va kreativ fikrlash, jamoa boʻlib ishlash, tadqiqotchilik kabi koʻnikmalarni shakllantirishga yoʻnaltirilgan taʼlim dasturlari amaliyotga kiritadi.

Xuddi shu oʻquv yilidan boshlab respublikaning barcha hududlarida va Toshkent shahrida boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bepul ovqat bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyiladi.

Maktabgacha taʼlim sohasidagi islohotlar

1-apreldan boshlab koʻp qavatli uylarning noturar qavatlarida yoki yakka tartibda qurilgan turar-joylarda yangi bolalar bogʻchalarini ochishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, DXSH loyihasi boʻyicha ijaraga olingan yer uchastkasida bolalar bogʻchasi binosini qurgan xususiy sherik tomonidan mazkur loyiha uchun bank krediti evaziga bino garoviga oʻtkazilishiga qoʻyilgan cheklovlar bekor qilindi.

Oʻrta kasb-hunar taʼlimi sohasidagi islohotlar

2023/2024 oʻquv yilidan boshlab kollejlar va texnikumlar uchun dual shakldagi taʼlimga davlat grantlari ajratiladi.

Tegishli boshqarmalarga 1-sentyabrgacha har bir viloyat va Toshkent shahrida Yevropa kasb-hunar taʼlimi tizimi talablariga toʻliq javob beradigan va kasb-hunar taʼlimi sifatini taʼminlash boʻyicha malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda bittadan namunaviy kasb-hunar taʼlimi muassasasi faoliyatini tashkil etish topshirildi.

Pedagogik xodimlarning asosiy tarif stavkalarining oʻzgarishi

— professional taʼlim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalari mos ravishda umumiy oʻrta taʼlim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalariga;

— professional taʼlim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifasiga ega boʻlgan, malaka toifasiga ega boʻlmagan oliy maʼlumotli hamda oliy maʼlumotga ega boʻlmagan ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining bazaviy tarif stavkalari tegishincha umumiy oʻrta taʼlim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifali oʻqituvchisi, oliy maʼlumotli oʻqituvchisi hamda oʻrta maxsus maʼlumotli oʻqituvchisining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling