Poyxtaxt IIBB YHXB: "Toshkentda shu kungacha “103” haydovchilari asossiz jarimaga tortilmagan"

Jarima qogʻozlari kelishi koʻpayib ketgani sabab haydovchilar videomurojaat qilib chiqishga qaror qilishgan

Videodan lavha

Videodan lavha

Toshkentdagi tez tibbiy yordam shoxobchasi haydovchilari bemorlarni olib ketayotgan vaqtida yoʻl harakati qoidabuzarliklari uchun jarima solinganidan shikoyat qilib, videomurojaat bilan chiqishgandi. Toshkent shahar IIBB YHXB mazkur murojaatga munosabat bildirdi.

Maʼlum boʻlishicha, videoda aks etgan haydovchilarning hech biri shu paytgacha asossiz ravishda jarima toʻlamagan. Ular qonuniy dam olish kunlarida jarimalar tahlili ustida ishlashlariga toʻgʻri kelgan. Jarima qogʻozlari kelishi koʻpayib ketgani sabab haydovchilar videomurojaat qilib chiqishga qaror qilishgan.

Haydovchilardan birining taʼkidlashicha, murojaatda koʻrsatgan jarima qogʻozi aslida oʻziniki emas. U shu paytgacha asossiz ravishda jarima ham toʻlamagan. Hozirda haydovchilarning qogʻozbozlik ishlariga jalb qilinishi bartaraf etilgan.

Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati boshligʻi Qahramon Xudoyberdiyevning maʼlum qilishicha, tez tibbiy boʻlimda harakat xavfsizligini taʼminlovchi maxsus xodimlar bor. Aynan ular hujjatlashtirish ishlari bilan shugʻullanishadi. Yaʼni, jarima qogʻozi kelgan taqdirda, chaqiruv kuni va bemorning tashxis qogʻozini YHXBga berishadi. Shu asosida jarima bekor qilinadi.

Shuningdek, yaqin kunlarda IIV Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi va Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tez tibbiy yordam haydovchilariga nisbatan jarima solish bilan bogʻliq muammolarni masofadan tezkor hal etish boʻyicha yagona elektron baza yaratiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling