Qashqadaryoda ayolni ayovsiz kaltaklab, uning sochlarini kesib tashlagan aka-uka qamaldi

Ukasi oʻzidan katta ayol bilan “ilakishib” yurganidan gʻazablangan akalar ayolning qoʻllarini bogʻlab, unga jiddiy jarohat yetkazishdi.

Videodan kadr

Videodan kadr

2022-yilning iyul oyida Qashqadaryoda aka-uka 38 yoshli ayolni qamchi bilan kaltaklab, uning sochlarini kesib tashlagani haqida xabar bergandik. Mazkur ish sudda koʻrib chiqildi, deya xabar bermoqda IIV Matbuot xizmati.

Sud hujjatlariga koʻra, ayol oʻzidan kichkina erkak bilan ishqiy munosabatda boʻlib, bir uyda yashagan. Bundan xabar topgan erkakning akalari yarim tunda ular yashayotgan uyga borib, ikkisini ham zoʻrlik bilan oʻz uylariga olib kelishadi. Keyin, ularni arqon bilan bogʻlab, ayolni qamchi bilan kalkatlashadi. Buni koʻrib turgan ota oʻgʻillariga ayolning sochini kesib tashlashni buyuradi. Tongga yaqin ayol deraza orqali uydan chiqib, qochib ketadi.

Sudda erkaklar qilgan ishidan pushaymonligini bildirishib, jabrlanuvchidan kechirim soʻrashdi.

“Meni yaroqsiz ahvolga keltirishdi. Sogʻayib ketishimga kim kafolat berardi? Otamning ogʻaynisi (erkaklarning otasi — tahrir) ekanligi sabab ularni kechiraman”, - deydi jabrlanuvchi ayol.

Chiqarilgan sud hukmiga koʻra, Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ota va kichik oʻgʻilga nisbatan 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi, qolgan ikki oʻgʻilning biriga ikki yil, boshqasiga esa uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling