Foto: Youtube
Soʻnggi vaqtda respublikaning turli hududlarida energiya taʼminotida uzoq muddatli uzilishlar kuzatilmoqda. Jamoatchilik faollari avvalgi yillardan farqli ravishda hali izgʻirin sovuq boshlanmay turib energiya taʼminotida jiddiy muammolar kuzatilayotganidan xavotirga tushishmoqda.
Kunlar keskin soviy boshlagandan soʻng isteʼmolchilarning elektr energiyasi va gazga boʻlgan talabi ortadi. Energetika vazirligiga koʻra, sovuq kunlarda magistral gaz quvurlari va tarmoqlarida tabiiy gaz bosimi ham keskin pasayishi kuzatilmoqda. Vazirlik izohida, shuningdek, ayrim issiqlik elektr stansiyalariga belgilangan hajmlardan kam miqdorda tabiiy gaz yetib borayotgani, bu esa, oʻz navbatida, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi pasayishiga olib kelayotgani, yirik avariyalarning oldini olish maqsadida elektr taʼminotida qisqa muddatli cheklovlar kiritilayotgani taʼkidlangan.
Energetika vazirligi huzuridagi “Milliy dispetcherlik markazi” davlat unitar korxonasi barcha hududiy elektr tarmoqlari korxonalari rahbarlariga IESlarning yoqilgʻi taʼminoti bilan bogʻliq ogʻir holat vujudga kelgani haqida xat chiqargan. Xatda energetika tizimida ogʻir oqibatli yirik favqulodda avariya holatlari (blekaut) yuzaga kelishining oldini olish uchun soatlik elektr energiyasi isteʼmoli topshirigʻini qatʼiy ravishda bajarish soʻralgan.
Energiya tarmog'ida yuzaga kelayotgan uzilishlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo'lmoqda.
Jurnalist Aziza Qurbonova 14-noyabr kuni gaz bosimi pastligi, choy ham qaynatolmayotganini tanqid qilgandi.
Uning Facebookʻdagi postida Uchtepa hokimligi sahifasi nomidan shunday izoh qoldirishdi: “Bas qiling xalqning gʻazabini qoʻzgʻatishni. Siz nima qilib berdingiz Uchtepaga?”.
Shundan keyin hokimlik matbuot xizmati vakili subyektiv fikr yozishga oʻtgan. Sal oʻtib esa matbuot xizmati bir kishining fikrini ifodalamasligi sababli, "meni ismim Uchtepa tuman hokimligi" deya yozgan.
Yana tuman hokimligi matbuot kotibining yoshi jurnalistnikidan kattaroq ekani ham alohida taʼkidlab oʻtilgan.
Bloger Shahnoza Soatova ushbu holat bo'yicha Uchtepa tuman hokimligi matbuot xizatini keskin tanqid qildi. U bunday munosabat sababli xalqning battar g'azabi yanada ortishini aytgan.
"Boshqa matbuot kotiblari, koʻring, saboq chiqaring — birovlarning xatosidan oʻrganish tekin, oʻzingnikidan oʻrganish qimmatga tushadi.
Uchtepa tumani men tugʻilib-oʻsgan joy, hamon u yerga serqatnovman. Tuman markazdan farqli, asosan hovlilardan iborat. Issiqxonalar ham bor ayrim joylarda. Qishda gaz isteʼmoli ortadi, bosim tushadi. Kelinlarga qiyin — yosh bolali, sovuqda oʻchoq boshida. “Dom”dan tushgan qizlar ota-onasinikiga ketib turishadi gaz bosimi tiklangunicha. Toshkentda qishga oʻtin-koʻmir gʻamlashmaydi, gaz tortilishi birdan va favqulodda noqulayliklar keltirib chiqaradi. Aziza ayol sifatida oʻsha kelinlarga rahmi kelib yozgan balki…
Azizaning boshqa minglab fuqarolar kabi tuman uchun qilgan katta ishi esa soliqlarni vaqtida toʻlagani (tuman matbuot kotibi ham oʻsha soliqlardan maosh oladi), gaz haqini avvaldan berib qoʻyganidir. Toʻralarga buni anglash chikora?! Bu dedi-dedilar oʻz yoʻliga, Xalqqa svet, gaz bering!", deb yozadi bloger.
Bloger Nurbek Alimov esa o'zining telegram kanalida hazilomuz tarzda fikr bildirgan.
"Chiroqchida chiroq yoʻq, Gazlida gaz yoʻq, Neftpromda benzin yoʻq, Hayotobod degan yerda hayot bormi ishqilib?", deydi bloger.
Bundan tashqari, ko'pchilik tarmoq foydalanuvchilari yoqilg'i va quvvat tanqisligi sabab energiyani tejash uchun kuniga 8 soatdan elekt energiyasi o'chirilishiga tandiqiy fikr bildirmoqdalar. Ijtimoiy tarmoqlarda ogʻir ahvoldagi bemorlar davolanayotgan shifoxona, davlat xizmatlari markazlari, banklar, mahalliy hokimliklar elektrsiz qolgani haqida xabarlar bor.
Jumladan, bloger Dilshod Boltaboyev (Dima Qayum) gaz va elektrdagi uzilishlar natijasida tadbirkorlarga ziyon yetayotganligini, kuniga 8 soatdan elektr uzilishi davlat iqtisodiga ham o'z ta'sirini o'tkazishini ta'kidlagan.
Foto: Twitter
Telegram'dagi Davletov.uz kanali na Energetika vazirligi, na hukumatning boshqa masʼullari xalqqa nima boʻlayotganini toʻgʻri va sodda qilib tushuntira olmayotganiga eʼtibor qaratgan.
"Necha kunki, ijtimoiy tarmoqlarning asosiy mavzusi — har soatda oʻchayotgan elektr energiyasi, soatlab sovuqda oʻtirgan odamlar, kilometrlik navbatda turgan haydovchilar, hatto shaharlarda pasayib ketgan gaz bosimi boʻlmoqda. Oddiy norozilikdan qargʻishgacha yangramoqda. Kanalimiz orqali oʻtkazilgan soʻrovnomada ham qariyb 60 ming kishi ovoz berib, ularning 84 foizi gaz va elektr energiyasi muammosiga duch kelayotgani haqida bildirgan.
Lekin na Energetika vazirligi, na hukumatning boshqa masʼullari xalqqa nima boʻlayotganini toʻgʻri va sodda qilib tushuntirolyapti, qanaqadir tushunarsiz bayonotlar, tushunarsiz nosozliklar haqida gapirilyapti, lekin hech kim hech narsani tushunmayapti. Qahrga toʻla savollar havoda muallaq turibdi: nega, nega aynan hozir va nega shu holatga kelib qoldi? May oyidan kuz-qishga tayyorgarlik haqida gapiriladiyu, lekin hali qish kelmasdan, tuzukroq qor yogʻmasdan butun mamlakat taqdir hukmiga tashlab qoʻyilmoqda?
Xalq bilan sifatli kommunikatsiya kerak. Xalq dardiga kimgadir foydali payti quloq tutish kerak emas, balki har kuni, har soatda manzilli gapirilmas ekan, xalqning davlatga ishonchini, agar qolgan boʻlsa, borini ham yoʻqotish mumkin. Energetika tizimi dabdalasi chiqqan boʻlsa — gapirilsin, kim dabdala qilgan boʻlsa — jazosini olsin. Xalq bilsin, nega bunday boʻlayotganini. Odamlarni oʻz dardi bilan yolgʻiz qoldirishning badali qimmat boʻladi", deb yoziladi xabarda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling