Foto: Yandex source
Oʻzbekistonda 9-noyabrdan boshlab issiqlik elektr stansiyalarida yoqilgʻi taʼminoti bilan bogʻliq ogʻir holat vujudga kelgan. Bu haqda Milliy dispetcherlik markazi direktorining ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xatida keltirilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Energetika vazirligi huzuridagi Milliy dispetcherlik markazi (MDM) direktori Muzaffar Boboyevning hududiy elektr tarmoqlari korxonalari rahbarlari, “Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasi boshqaruv raisi, Energetika vazirligi hamda “Oʻzenergoinspeksiya”ga yuborgan xati tarqaldi.
Xatda taʼkidlanishicha, 9-noyabrdan boshlab energetika tizimi issiqlik elektr stansiyalari (IES) yoqilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq og‘ir holat vujudga kelgan. 12-noyabr kuni elektr stansiyalarga kelishilgan jadvalga nisbatan jami soatiga 350 ming metr kub kam gaz yetkazib berilgan.
Foto: Telegram
Toshkent IESda bu ko'rsatkich soatiga 270 ming metr kubni tashkil qilgan. Toshkent IESga 50 ming metr kub tabiiy gaz yetkazilib, stansiyada energobloklar texnologik parametrlari me’yor ko‘rsatkichlaridan tushishi va uskunalarning shikashtlanishini oldini olish maqsadida 1-son BGQ (360 MVt) va ikki dona energobloklar to‘xtatilgan.
Oqibatda stansiyada umumiy elektr energiyasi ishlab chiqarilishi mazut yoqilgʻisi yoqish hisobiga 500 megavattgacha (belgilangan rejadan 600 MVt kam) tushib ketgan. Elektr energetika tizimida tuman elektr taʼminoti korxonalari tomonidan 6,10 kV tarmoqlardan kiritilayotgan cheklovlar samarasizligi sababli MDM maxsus jadvalga asosan yuqori kuchlanishli tarmoqlarni oʻchirgan. Bu chora elektr energiyasi isteʼmoli kamaytirish imkonini bergan.
“Yuzaga kelgan favqulodda vaziyat sabab tizimda ogʻir oqibatli avariya holatlarini oldini olish hamda isteʼmolchilar taʼminotida tartibsiz uzilishlarni bartaraf etish maqsadida 12-noyabrdan boshlab alohida topshiriq boʻlganga qadar MDM tomonidan berilayotgan soatlik elektr energiyasi isteʼmoli topshirigʻini qatʼiy bajarishingiz soʻraladi. MDMing mintaqaviy va hududiy boʻlinmalari tomonidan elektr talab qilingan qiymatlarga tushirish boʻyicha berilgan topshiriqlarni bajarmaslik Markaziy Osiyo yagona elektr energetikasi tizimida Oʻzbekiston energotizimining aybi bilan yirik oqibatli avariyalarga sabab boʻlishi mumkin”, deyiladi markaz xatida.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling