Foto: Videodan lavha
Jizzax shahrida avtobusni yoʻlovchilarsiz boshqargan haydovchi uxlab qolib, “zapravka”da navbat kutib turgan 7 ta mashinaga borib urildi. Bu haqda Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, voqea 17-yanvar kuni soat 21:00 da Jizzax shahri Mustaqillik shohkoʻchasida sodir boʻlgan. Unga koʻra, Ankai rusumli “Jizzax avtotrans servis” MCHJga qarashli yoʻlovchi tashuvchi avtobusni yoʻlovchilarsiz boshqarib ketayotgan haydovchi harakat davomida charchoq alomati boʻlib, uxlab qolgan.
Natijada, u rul boshqaruvini yoʻqotib, avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchasida oʻzi bilan bir yoʻnalishda oldinda navbat kutib toʻxtab turgan Damasʻning orqa qismiga urilgan.
Damas esa yoʻlning oʻng tomon chetiga chiqib, agʻdarilib ketgan. Avtobus harkatini davom ettirib, uchta Nexia-2, bitta Nexia-3 va bitta Cobalt avtomobillariga, 7 ta transport vositasiga toʻqnashib, YTH sodir etgan.
YTH oqibatida Damas haydovchisiga birinchi tibbiy yordam koʻrsatilib, ambulator tartibda davolanish uchun yashash manziliga yuborilgan.
Holat yuzasidan viloyat YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling