Koʻchada sigaret chekish Islom diniga zid ekanligini insonlarga uqtirgan yigit jarimaga tortildi

Maʼlum qilinishicha, u tamaki chekkan fuqarolarga oʻzining diniy qarashlari asosida fikr bildirgan. Shu sabab u jarimaga tortilgan.

Foto: Toshkent shahar IIB

Foto: Toshkent shahar IIB

Joriy yilning fevral oyida ijtimoiy tarmoqlarda nomaʼlum shaxs jamoat joyida fuqarolarga tamaki chekish bilan bogʻliq diniy tushuntirishlarni uqtirayotganligi aks etgan videoyozuv tarqalgan. Toshkent shahar IIBB xabariga koʻra, oʻrganishlar jarayonida ushbu shaxs 1999-yilda tugʻilgan fuqaro A.X. ekanligi aniqlangan va u jarimaga tortilgan.

Qayd etilishicha, fuqaro bilan oʻtkazilgan suhbat davomida oʻzi tanimagan shaxslarga tamaki chekishga nisbatan munosabatini oʻz tashabbusiga koʻra shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda bildirganligini maʼlum qilgan.

“Konstitutsiyaning 25-moddasiga asosan, har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik, shuningdek 27-moddasiga binoan shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqiga ega. Chekish sogʻliq uchun zararli, lekin ushbu jarayonda Oʻzbekiston fuqarolarining yuqoridagi kafolatlariga monelik qilish mumkin emas, ayniqsa alohida shaxslarning oʻz tashabbusi orqali va ushbu masalaga diniy tus berish orqali oʻzgalarning shaxsiy hayotga aralashishiga yoʻl qoʻyilmaydi, - deyiladi xabarda.

”Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida"gi qonunining 10-moddasiga binoan, mamlakat hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi.

Shu munosabat bilan, A.X.ga nisbatan MjtKning 184 prim. 2-moddasiga asosan, BHMning 20 baravari — 6 mln soʻm miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling