Foto: Vesti.az
Qozogʻistonda qor boʻroni tufayli avtomobillari Bartogʻay suv ombori yaqinida yoʻlda qolib ketgan 93 kishi qutqarib olindi. Bu haqda mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi bergan maʼlumotlarga tayanaib “Vesti.az” xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, 3-yanvar kuni ertalab qutqaruvchilarga togʻli hududda yetti kishilik oila adashgani haqida xabar berilgan. Xabarga koʻra, 2-yanvar kuni qor yogʻishi kutilayotgani haqidagi ogohlantirishlarga qaramay, ular Olmaotadan Asi platosiga sayohatga otlangan, shundan soʻng ular uyga qaytmagan va aloqani toʻxtatgan.
Favqulodda vaziyatlar departamenti xodimlari bir oilani qidirishga kirishdi va 3-yanvar kuni kechqurun qutqaruvchilar 40 ga yaqin avtomashinani yoʻlda sirgʻalib ketishi oqibatida togʻlarda qolib ketganini aniqlashgan. Qutqarib olingan fuqarolar orasida togʻli hududda adashib qolgani aytilgan yetti kishilik oila ham borligi maʼlum boʻlgan.
Aniqlik kiritilishicha, odamlar va mashinalarni evakuatsiya qilish ikki kundan ortiq davom etgan. Qutqaruvchilar kommunal xizmatlar bilan birgalikda yoʻllarni tozaladi, togʻlar orasida qolib ketgan avtomobillarga yonilgʻi quyishga koʻmaklashgan, sunʼiy yoʻldosh aloqasini oʻrnatgan va tiqilib qolgan avtomobillarni chiqarib olishgan.
Olib borilgan qutqaruv operatsiyasi davomida mazkur hududda yana uchta qor koʻchishi kuzatilgan. Natijada 5-yanvar kuni ertalab muammoli hududda 12 nafar haydovchi va 16 ta yengil avtomobil, jumladan, 4 tasi buzuq holda qolgan.
5-yanvar kuni soat 21:45 ga qadar yangi vayronalarni tozalash va oxirgi haydovchilarni qutqarish ishlari olib borilgan. Operatsiyada jami 85 kishi va 38 ta texnika ishtirok etdi. Qutqarilganlarning hech biri jabrlanmagan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling