Maʼlum qilinishicha, mazkur holat joriy yilning 28-mart kuni Shoʻrchi tumani “Baxshitepa” MFYda sodir boʻlgan. Shu kuni viloyat hokimi tomonidan oʻtkazilayotgan sayyor qabulga oʻz taklifi bilan kirmoqchi boʻlgan fuqaroni koʻrgan mahalla raisi bu murojaatdan hokimlikni xabardor qilgani va uyiga ketaverishini aytgan. Bu holatdan fuqaro norozi boʻlib ortga qaytib ketgan.
Shu kuni fuqaro kechqurun mahalla raisining uyiga u bilan gaplashib olish uchun borgan. Ammo, orada janjal chiqib, mahalla raisi fuqaroni koʻziga zarba bergan.
“Gaplashib olamiz degan maʼnoda mashinasiga oʻtirgan edim. Mashinaning ichida ham menga qoʻl uzatdi. Boshqa tarafdan ukasi kelib, u ham zarba berdi. Koʻzim oldin ham travma olgan edi. Koʻzim yorilib ketibdi, operatsiya qildi. Hozir koʻzimda sezish qobiliyati yoʻq”, - deydi jabrlanuvchi.
Mahalla raisi qilgan ishidan pushaymonligini aytib, jabrlanuvchidan kechirim soʻradi.
Shifokorning aytishicha, yetkazilgan jarohat natijasida koʻzning shox-pardasi yorilib ketgan. Operatsiya oʻtkazilganidan soʻng, bemorning ahvoli yaxshi holatga kelgan.
Holat yuzasidan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling