Foto: Prokuratura Departamenti
Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumanida oʻqishga kiritish va oʻqishni koʻchirib berishni vaʼda qilgan firibgarlar aniqlandi. Bu haqda Prokuratura Departamenti xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jarqoʻrgʻon tuman boʻlimi tomonidan viloyat DXX xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv harakatlari oʻtkazilgan.
Olib borilgan tekshiruvlar davomida firibgarlik jinoyati uchun sirtdan ayb eʼlon qilinib, qidiruv eʼlon qilingan shaxs va yana boshqa bir fuqaro oʻzaro til biriktirgani maʼlum boʻlgan.
Shuningdek, 2022-yilda MCHJ shaklidagi nodavlat universitetini tashkil etishib, ushbu muassasada oʻqish istagini bildirgan 18 nafar fuqaroning jami 152,9 mln soʻmini qoʻlga kiritishib, oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Denov tuman boʻlimi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro qoʻshni Tojikiston Respublikasida tahsil olayotgan 21 nafar talabaning oʻqishini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida Oʻzbekistondagi oliy oʻquv yurtlariga koʻchirib berish evaziga jami 15 300 dollarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling