Videodan kadr
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda ayol kishi yosh bolani urganligi aks etgan video tarqaldi. Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmatining xabariga koʻra, mazkur videotasvir yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan tekshiruv oʻtkazilgan.
Chilonzor tumanida istiqomat qiluvchi 1995-yilda tugʻilgan I.X. oʻzining nogiron farzandiga enagalik qilish uchun 2002-yilda tugʻilgan S.T.ni ishga yollagan. Biroq, enaganing xizmatidan shubhalangan uy egasi farzandining yotoqxonasiga kuzatuv kamerasini oʻrnatgan.
2023-yil 11-fevral kuni enaga 2017-yilda tugʻilgan K.Z.ga qoʻpol munosabatda boʻlib, urib kaltaklaganligi holati kuzatuv kamerasida qayd etilgan. Xonadon egasi I.X. shu kuni S.T.ni ishdan boʻshatgan hamda fuqarolarni ogohlikka chaqirish maqsadida videotasvirni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan.
Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilmoqda. Tekshiruv yakuni boʻyicha qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling