Qashqadaryoda ikki yoshli qizcha noto'g'ri emlanish oqibatida falaj bo'lib qolgani aytilmoqda

Holatga viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi munosabat bildirdi

Foto: Ijtimoiy tarmoq<br>

Foto: Ijtimoiy tarmoq

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Koʻkdala tumanida ikki yoshli qizcha notoʻgʻri emlanish oqibatida falaj boʻlib qolgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, mazkur holat Viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi hamda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati viloyat boshqarmasi mutaxassislari tomonidan batafsil oʻrganilgan.

Oʻrganishlar natijasida maʼlum boʻlishicha, Koʻkdala tumani Naymansaroy mahallasida yashovchi ikki yoshli qizcha mazkur mahalladagi Galabek oilaviy shifokor punktida roʻyxatda turadi. Unga Respublika bolalar milliy tibbiyot markazida “oʻtkir boʻshashgan shol, Giyen-Barre sindromi (?)” tashxisi qoʻyilgan. Mazkur kasalliklar kelib chiqish sababini aniqlash uchun epidemiologik surishtiruv oʻtkazilib, bemorning tibbiy emlash va rivojlanish kartalari oʻrganilgan.

Galabek oilaviy shifokor punktida 6 oylikdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun 730 doza qizamiq va qizilchaga qarshi vaksina olingan. Shuningdek, 700 nafar bolada mazkur turdagi emlashlar oʻtkazilgan. Emlangan bolalar boʻyicha surishtiruuv olib borilganida ularning hech birida emlashdan keyingi nojoʻya taʼsirlar kuzatilmagan.

Shular qatorida bemor falaj boʻlib qolgani aytilayotgan qizchaga 2022-yil 23-noyabr kuni shifokor koʻrigidan keyin shamollash belgilari boʻlmaganligi sababli emlashga ruxsat berilgan. Bolaning otasining soʻzlariga koʻra, emlashdan soʻng kechasi bemorning harorati koʻtarilgan.

Avvaliga xususiy shifoxona, soʻng Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasi mutaxassisi tomonidan berilgan tavsiyalar asosida uy sharoitida davo muolajalari qilingan. Ahvoli yaxshilanmagach, Samarqanddagi shifoxonada davolanish davom ettirilgan. Ijobiy oʻzgarish kuzatilmaganligi sababli respublika bolalar milliy tibbiyot markazida tekshiruvdan oʻtkazilib, yuqorida qayd etilgan tashxis asosida muolajalar qilingan. Yaxshi tomonga oʻzgarish boʻlganidan keyin uyiga javob berilgan.

Respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati virusologiya xizmati laboratoriyasi tomonidan 2022-yil 21-dekabrda olib kelingan bemorga tegishli material oʻtkir boʻshashgan shol kasalligiga tekshirilganida manfiy natija qayd etilgan. Yaʼni bolada bu kasallikni keltirib chiqaruvchi poliomiyelit va enteroviruslar aniqlanmagan.

Oʻrganish xulosalariga koʻra, bemorda kuzatilgan kasallik emlash asorati emasligi aniqlangan. Qizchaga “oʻtkazilgan neyroinfeksiya asorati pastki paraparez” tashxisi qoʻyilgan. Ayni paytda bola viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi nazoratiga olinib, uy sharoitida parvarishlanmoqda, unda ijobiy tomonga oʻzgarish kuzatilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling