Sirdaryo viloyatida “Dok-1 Maks” dori vositasi yetti nafar bemor bolaga nojoʻya taʼsir qilgan. Bu haqda viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Oltinoy Esanova maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, hozirda bemorlarning toʻrt nafari sogʻaygan, uch nafari jonlantirish boʻlimida davo muolajalarini davom ettirmoqda.
Guliston shahar tibbiyot boshqarmasi bosh shifokori Yusuf Mirxonov esa 3-yanvar kuni ikki nafar bola Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo filialida shifokorlar nazorati ostida davolanayotganini maʼlum qilgan.
Bemor bolalarda yuqori harorat, ishtahasizlik, nafas yoʻllarining shamollashi, peshob chiqishi va buyrak bilan bogʻliq muammolar kuzatilgan.
Qayd etilishicha, ularga belgilangan tartibda yordam koʻrsatilib, gemodializ boʻlimida gemodializ muolajalari oʻtkazilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, “Doc-1 Max” preparatini qoʻllash natijasida vafot etgan bolalar soni 19 nafarni tashkil qiladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling