Jizzaxda shifoxona mansabdorlari Germaniyadan keltirilgan deb eski asboblarni sotib olgani aniqlandi

Holat yuzasidan toʻplangan materiallar agentlik tomonidan qonuniy qaror qabul qilish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan

Foto: Repost.uz<br>

Foto: Repost.uz

Jizzax viloyati koʻp tarmoqli tibbiyot markazi mansabdor shaxslari tomonidan tibbiyot uskunalarini xarid qilishda talon-torojlikka yoʻl qoʻyilgani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Jizzax viloyatida oʻrganishlar olib borilgan. Oʻtkazilgan tekshiruvlar davomida viloyat Koʻp tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan tibbiyot uskunalari xarid qilishda qonunbuzilishlarga yoʻl qoʻyilgani aniqlangan.

Xususan, mazkur tibbiyot markazi 2021-yil 22-dekabrdagi shartnomaga asosan “E.M.S.” MCHJdan 245,2 million soʻmga 2021-yilda Germaniya davlatida ishlab chiqarilgan “Eskulap” modelidagi jarrohlik uskunalarini xarid qilishi belgilangan.

Tovar yetkazib beruvchi MCHJ tomonidan 2021-yil 28-dekabrdagi hisobvaraq-fakturaga koʻra, ushbu modeldagi jarrohlik uskunalari Tibbiyot markaziga yetkazilgani haqida hujjat rasmiylashtirilgan.

Biroq oʻrganishlar mobaynida shartnomada qayd etilgan jarrohlik uskunalari aslida mavjud emasligi, yangi tibbiy uskuna oʻrniga eski — 1994-yilda Rossiya davlatida “Voljskiy Utyos”da ishlab chiqarilgan jarrohlik uskunalari olib kelingani hamda ular yaroqsiz holatda ekani aniqlangan.

Tibbiyot markazining masʼul shifokor va xodimlari oʻz rahbariyatiga ushbu tibbiy uskunalar SanPiN talablariga javob bermasligi va boshqa holatlar toʻgʻrisida 2022-yil 19-fevralda bildirishnoma bilan murojaat qilingan boʻlishiga qaramay, rahbariyat tomonidan holat boʻyicha hech qanday chora koʻrilmagan.

Mazkur holatlar yuzasidan toʻplangan materiallar agentlik tomonidan qonuniy qaror qabul qilish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.

Yuqorida qayd etilgan va qoʻshimcha boshqa holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilib, natijasi boʻyicha prokuratura organlari tomonidan Jizzax viloyati Koʻp tarmoqli tibbiyot markazi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda koʻp miqdorda oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling