Farg'ona va Andijonda imtiyozli kredit mablag'larini o'zlashtirgan shaxslar va hokim yordamchisi qo'lga olindi

Holat yuzasidan tegishli moddalar bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda

Foto: Repost.uz<br>

Foto: Repost.uz

Fargʻona shahri va Asaka tumanida imtiyozli kredit mablagʻlarini oʻzlashtirgan shaxslar va hokim yordamchisi aniqlandi. Bu haqda Prokuratura Departamenti xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Fargʻona shahar boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilgan.

Oʻtkazilgan tekshiruvlar davomida “I.” MFY boʻyicha hokim yordamchisi aholiga imtiyozli kredit olish uchun tavsiya qilish vakolati berilganligidan foydalanib, “Sh.” XK rahbari va boshqa bir fuqaro (firibgarlik jinoyati uchun sudlangan) hamda boshqalar bilan oʻzaro til biriktirgan.

Shuningdek, ular soxta hujjatlarni rasmiylashtirish orqali ushbu MFYda yashamaydigan 2 nafar fuqaro nomiga jami 61,5 mln soʻm imtiyozli kredit ajratishga erishib, ushbu mablagʻlarini talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Asaka tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan fuqaro “N.” MFY boʻyicha hokimning sobiq yordamchisi bilan oʻzaro til biriktirgan.

Shu bilan birga ular 2022-yilning avgust-oktyabr oylarida 7 nafar fuqaroga parrandachilik bilan shugʻullanish uchun 229,7 mln soʻm imtiyozli kredit ajratishga erishib, taʼminotchi korxonalardan tovuqlarni qabul qilib olishib, fuqarolarga yetkazib bermaganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish), 168-moddasi (firigarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling