Foto: OʻzA
“Hududgaz Toshkent” korxonasi sobiq direktori Muzaffar Aliyevning qamoq chorasi garov shakliga oʻtkazilib, ozod etildi. Bu haqda Toshkent viloyati prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda uning qamoqdan ozod qilingani hamda ish joyida faoliyat olib borayotgani toʻgʻrisida maʼlumot joylashtirilgan. Tergov harakatlari davomida Aliyevga nisbatan qoʻllangan qamoq ehtiyot chorasi garov ehtiyot chorasiga oʻzgartirilgan.
Bundan tashqari, Aliyevni lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisida Jinoyat ishlari boʻyicha sudning ajrimi mavjud.
“Tergovga aralashish va toʻsqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, 2022-yil 11-dekabr kuni Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov rahbarligida oʻtkazilgan energiya resurslari boʻyicha yigʻilishda bir qancha soha rahbarlari, xususan, “Hududgaztaʼminot” Toshkent viloyati filiali direktori Muzaffar Aliyevga nisbatan jinoyat ishi ochilgani va qamoqqa olingani maʼlum qilingandi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling