Videodan kadr
Samarqand shahrida oʻziga ishonib topshirilgan bolani urib, qovurgʻalarini sindirgan enagaga sud hukmi oʻqildi. Bu haqda IIV Matbuot xizmati xabar berdi.
Sudda maʼlum qilinishicha, Urgut tumanida yashovchi 37 yoshli sudlanuvchi ayol Samarqand shahrida ijarada yashab, oʻzi bilan birga yashagan tanishining farzandiga enagalik qilishga kelishgan. U buning evaziga ijara pulining faqat yarmini toʻlashini aytgan. Sudlanuvchi hali voyaga yetmagan bolaning shoʻxliklarini koʻtara olmagan va uni doimiy ravishda urib-doʻpposlab kelgan.
“Balki onasidagi alamimni undan olgim keldimi, balki farzandsizligim menga taʼsir qildimi, nega hammaga beradi, menga bermaydi, dedim. Hamma narsani oʻyladim. Bir marta urdim, lekin yaxshigina urdim. Qoʻlidan, qornidan chimchiladim, yuziga, dumbasiga urdim”, - deydi sudlanuvchi ayol.
Qayd etilishicha, aybini yashirish maqsadida bolani davolab berish evaziga 500 ming soʻm berishini aytib, uni boshqa dugonasiga berib yuborgan. Ayol farzandi qiynoqlarga chidab yashab, qiynalib nafas olayotganini koʻrgach, uni shifoxonaga olib borgan. Sudga oid tibbiy ekspertizaning xulosasida bolaning chap yuz yonoq va burun sohalarida shilinma, koʻkrak va ikkala qoʻl-oyoqlarida jarohatlar aniqlangan.
Qovurgʻalarining sinishi kabi jarohatlar hayot uchun oʻta xavfli boʻlgan tan jarohatlar, deya baholangan va u oʻtmas jismlar taʼsirida yetkazilgani koʻrsatilgan.
Sud hukmiga koʻra, ayol jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling