Videodan kadr
Toshkent shahrida yoʻl qatnov qismida ayol kishi unga tibbiy yordam koʻrsatilishiga qarshilik qilayotganligi aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarga sizdirildi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB izoh berdi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 29-mart kuni taxminan soat 18:00 atrofida, oilaviy mojaro sababli oʻzining qoʻlini kesgan 1987-yilda tugʻilgan T.T.(ayol) tez tibbiy yordam avtomashinasida birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun olib ketilayotgan vaqtda, Bektemir tumani, Xusayn Bayqaro koʻchasida tibbiyot xodimlariga qarshilik koʻrsatib, tez yordam mashinasi salonidagi maxsus jihozlarni tepib sindirgan.
Haydovchi fuqaroni tinchlantirish maqsadida, avtomashinani toʻxtatgan vaqtda ayol yonidagi turmush oʻrtogʻi va tibbiyot xodimlarining gapiga qaramasdan, yoʻlning qatnov qismiga chiqib ketgan.
Janjal koʻtargan ayol transport vositalari harakatlanishi uchun xavfli holatni yuzaga keltirib, jamoat tartibini buzgan hamda unga tibbiy yordam koʻrsatilishiga qarshilik qilgan.
Hodisa joyiga yetib kelgan IIO xodimlarining aralashuvi bilan T.T. tibbiyot muassasasiga olib borilgan.
Mazkur holat yuzasidan Bektemir tumani IIO FMB tomonidan tekshiruv oʻtkazilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling