Andijonda IIO xodimi "gaz zapravka"da navbatda turgan fuqaroni kaltakladi — video

Fuqarolar oʻzaro navbat talashib janjallashib, jamoat tartibini buzishgani sababli xodim ularga kuch ishlatgan

Foto: Videodan lavha<br>

Foto: Videodan lavha

Ijtimoiy tarmoqlarda IIO xodimi fuqaroga kuch ishlatayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Holat yuzasidan Andijon viloyati IIB matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, 19-yanvar kuni Andijon viloyati Asaka tumanida joylashgan “EVRO METAN” avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida navbatda turgan haydovchilar oʻzaro navbat talashib janjallashib, jamoat tartibini buzishgan.

Shu yerga jamoat tartibini saqlash va tartibbuzarlikni oldini olish maqsadida biriktirilgan Andijon viloyati IIB Patrul-post xizmati xodimi janjalni bartaraf etish maqsadida fuqarolarni tinchlantirishga harakat qilgan.

Biroq, janjal sababchilari Asaka tumanida yashovchilar 19 yoshli fuqaro va uning 16 yoshli akasi xodimga nisbatan haqoratli soʻzlar ishlatib, uning qonuniy talablariga boʻysunmay faol qarshilik koʻrsatganlar.

Hodisa joyida jamoat tartibi tiklanib, tartibbuzarlarga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgan holda tuman IIBga olib kelinganlar, ular bilan tegishli tartibda profilaktik suhbat oʻtkazilgan.

“Holat yuzasidan voqea ishtirokchilarining, shu jumladan Ichki ishlar organlari xodimlarining harakatlariga huquqiy baho berilishi taʼminlanadi”, - deyiladi xabarda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling